BENCHELLAL, MONUMENTAL | “Sculpting Past Tomorrow”
BENCHELLAL, MONUMENTAL | “O‘tmish haykaltaroshligidan kelajakni yaratish” ko‘rgazmasi hozirda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida, Toshkent Zamonaviy san’at markazining jamoatchilik uchun dasturi doirasida namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada niderland-marokashlik dizayner va rassom Muhammad Benchellalning 2025-yilda Toshkent Zamonaviy san’at markazining badiiy qarorgohi dasturi davomida yaratilgan yangi haykaltaroshlik asarlari turkumi taqdim etiladi.
Ko'rgazma
05 Sentabr — 08 Noyabr 2026
Ko‘rgazma mahobatli shakllar, tarixiy obrazlar va madaniy landshaftni zamonaviy va bo‘rttirma san’at tiliga qay tarzda qayta anglab, talqin etish mumkinligini tadqiq etadi.
Benchellal libosga haykaltaroshlik vositasi sifatida qaraydi. Hajm, siluet, tuzilma va fazoviy o‘zaro ta’sir orqali inson gavdasi me’moriy tajriba uchun makonga aylanadi. Uning asarlari libos haqidagi an’anaviy tasavvurlardan tashqariga chiqib, moda va haykaltaroshlik, obyekt va tana, yodgorlik va harakat o‘rtasidagi oraliq makonni egallaydi.
BENCHELLAL, MONUMENTAL | “O‘tmish haykaltaroshligidan kelajakni yaratish” konsepsiyasi ilk bor Qatarning Doha shahrida shakllantirilgan bo‘lib, u yerda Benchellal dastlabki asarlar turkumini ishlab chiqib, Qatar Milliy muzeyida o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini taqdim etgan. Loyihaning o‘zbekcha shakli ushbu badiiy tadqiqotga sayqal berib, uni yangi me’moriy va madaniy kontekstga jo qiladi.
O‘zbekistonning mahobatli me’morchiligi, tarixiy obidalari, geometrik tuzilmalari, bepoyon manzarali hududlari hamda modernizm merosi yangi asarlar turkumining g‘oyaviy asosiga aylanadi. Benchellal tarixiy motivlar va an’anaviy usullarni takrorlamaydi, balki ushbu vizual tasvirlarni zamonaviy haykaltaroshlik tiliga o‘giradi. Qadimgi handasaviy shakllar mavhumlashtirilishga mahkum etiladi, hashamatli inshootlar soya tasvirga aylantiriladi, me’moriy ko‘lam inson tanasi orqali qayta idrok etiladi.
“O‘tmish haykaltaroshligidan kelajakni yaratish” turli vaqt o‘lchovlari o‘rtasidagi harakatni o‘zida mujassam etadi: madaniy xotira manbai sifatida o‘tmishga murojaat etish, mazkur shakllar zamonaviy va istiqbolga yo‘naltirilgan badiiy tilda qanday mavjud bo‘lishi mumkinligi haqidagi mulohazalar bilan uyg‘unlashadi. Bu yerda madaniy merosga muqim narsa sifatida emas, balki uni qayta anglash va yangicha talqin etish uchun ochiq bo‘lgan jonli makon sifatida qaraladi.
Yaratilgan asarlar yuksak moda namunalarini zamonaviy badiiy amaliyot sifatida taqdim etadi, unda inson qiyofasi me’morchilikka, libos yodgorlikka, tarixiy timsol esa kelajak xusisida mushohada yuritish uchun muqaddima nuqtasiga aylanadi.
Benchellalning asarlari xalqaro ko‘rgazma loyihalarida namoyish etilgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab muzeylar sara to‘plamlariga kiritilgan. Uning badiiy amaliy tajribasi moda va zamonaviy san’at o‘rtasidagi makonni o‘rganishda davom etmoqda, haykaltaroshlik kiyimlarini me’morchilik, o‘zlik, xotira va kelajak haqidagi tasavvurlar kesishgan vositaga aylantirmoqda.